Group of people posing for a photo

Zo‘ravonlik va tazyiqqa qarshi kurashish to‘g‘risidagi Konventsiya, 2019 yil (№190)

O‘zbekistonda xavfsiz mehnat muhitini yaratish sari qadam: zo‘ravonlik va tazyiqning oldini olish bo‘yicha o‘quv treningi

O‘zbekistonlik davlat mehnat inspektorlari va ijtimoiy hamkorlar XMT treningida ish joylarida zo‘ravonlik va tazyiqning oldini olish hamda ularga javob berish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashmoqda.

26 сентябр 2025

© ILO
Content also available in: English русский

TOSHKENT (XMT Yangiliklari) — O‘zbekiston mehnat dunyosida zo‘ravonlik va tazyiqning oldini olish bo‘yicha milliy salohiyatni mustahkamlash orqali mehnatni muhofaza qilishni yanada kuchaytirishni davom ettirmoqda. Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) tomonidan tashkil etilgan ikki kunlik treningda Zo‘ravonlik va tazyiq to‘g‘risidagi Konventsiya (№190) hamda unga tegishli Tavsiya (№206)ni amaliy tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Tadbirda Davlat Mehnat Inspeksiyasi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi vakillari ishtirok etdilar.

Davlat mehnat inspektorlari va ijtimoiy hamkorlarning salohiyatini oshirish

Treningning maqsadi davlat mehnat inspektorlari, ijtimoiy hamkorlar hamda mehnatni muhofaza qilish mutaxassislarining mehnat dunyosida zo‘ravonlik va tazyiq holatlarini aniqlash, oldini olish va ularga javob berish bo‘yicha salohiyatini oshirishdan iborat edi.

“Ushbu seminar xalqaro standartlarni inspeksiya amaliyotiga joriy etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Biz uchun faqatgina huquqbuzarliklarni aniqlash emas, balki ish joylarida profilaktika madaniyatini shakllantirish ham nihoyatda muhimdir,” — dedi O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Davlat mehnat inspeksiyasining bosh mutaxassisi O‘tkir Tursunboev.

XMT hujjatlarining ahamiyati

Group of women standing, one with a mic
© ILO
© ILO

2019 yilda qabul qilingan XMTning 190-sonli Konventsiyasi va 206-sonli Tavsiyasi - har bir insonning zo‘ravonlik va tazyiqdan holi mehnat dunyosida ishlash huquqini e’tirof etgan birinchi xalqaro hujjatlardir. O‘zbekiston uchun bu hujjatlar munosib mehnat va gender tengligini ilgari surishda muhim ahamiyatga ega.

“Ish beruvchilar xavfsiz korporativ madaniyatni shakllantirishdan manfaatdordirlar. Bunday treninglar kompaniyalarga profilaktik mexanizmlarni joriy etish va xodimlarning ishonchini mustahkamlashga yordam beradi, bu esa oxir-oqibat biznes samaradorligi va barqarorligiga hissa qo‘shadi,” — dedi O‘zbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi vakili Gavhar Isamutdinova.

Hamkorlikdagi yondashuvning ahamiyat

“Kasaba uyushmalari uchun bunday treninglar xodimlar va himoyaga muhtoj guruhlarning huquqlarini yanada samarali himoya qilish hamda ijtimoiy muloqotni rivojlantirish imkoniyatidir. Biz xavfsizlik va hurmat mehnat munosabatlarining ajralmas qismiga aylanishi kerak degan fikrni qo‘llab-quvvatlaymiz,” — dedi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi vakili Sardor Salahutdinov.

Xalqaro hamkorlik va tajriba

Trening XMT maslahatchisi Helena Perez Vazquez tomonidan ishlab chiqilgan va o‘tkazilgan. Milliy kontekstga mos tarzda tayyorlangan ushbu kurs mamlakatning ijtimoiy kun tartibi bilan chambarchas bog‘liq va dolzarb bo‘lgan masalalarni qamrab oldi. O‘tgan yil may oyida bo‘lib o‘tgan “Gender tengligi va mas’uliyatli biznes amaliyotlari orqali biznes jarayonlarini o‘zgartirish” mavzusidagi XMT konferensiyasi natijalariga asoslanib, ushbu ikki kunlik trening ish joylarida zo‘ravonlik va tazyiqning oldini olish hamda ularga javob berish bo‘yicha treningda qatnashgan mutaxassislarning tushunchasini yanada mustahkamladi.

A woman smiling and holding an ILO bag
© ILO
© ILO

“O‘zbekiston islohotlarga qat’iy sodiqligini namoyon etmoqda. Ushbu trening nafaqat bilim almashish, balki 190-sonli Konventsiyani tizimli ravishda amalga oshirish uchun milliy salohiyatni mustahkamlashga ham xizmat qiladi,” — dedi “O‘zbekistonda mehnat inspeksiyasi va mehnatni muhofaza qilish tizimlarini takomillashtirish” loyihasining milliy koordinatori Alisher Xusainov.”

Amaliy natijalar va sertifikatlash

Trening yakunida ishtirokchilar o‘z kasbiy tajribalaridan olingan real hayotiy vaziyatlarni tahlil qilgan va simulyatsiya qilingan holatlar orqali javob berish algoritmlarini amaliy mashq qilgan sessiya o‘tkazildi. Barcha ishtirokchilarga ish joylarida profilaktik choralarni kuchaytirish uchun metodik materiallar taqdim etildi. Trening yakunida ishtirokchilarga qatnashganlik sertifikatlari topshirildi.

People standing in front of a flipchart
© ILO
© ILO

Ushbu tadbir XMTning O‘zbekistonda munosib mehnat madaniyatini targ‘ib qilish, shuningdek, milliy mehnatni muhofaza qilish va mehnat inspeksiyasi tizimlarini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli sa’y-harakatlarining bir qismidir. Tadbir “Barchaning xavfsizligi va salomatligi” (“Safety and Health for All”) dasturi doirasida, Germaniyaning Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi (BMZ) tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan “O‘zbekistonda mehnat inspeksiyasi va mehnatni muhofaza qilish tizimlarini takomillashtirish” nomli XMT loyihasi doirasida tashkil etildi. Shuningdek, loyiha Shvetsiya Xalqaro hamkorlik agentligi (SIDA)ning ko‘magida ham amalga oshirildi. BMZ tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam mehnatni muhofaza qilish (OSH) tizimini isloh qilish hamda milliy mutaxassislarning salohiyatini oshirish orqali uzoq muddatli o‘zgarishlarni ta’minlashga qaratilgan moliyaviy va strategik ko‘makni o‘z ichiga oladi.