O‘zbekistonda parvarish iqtisodiyoti va oilaga do‘stona siyosatlarni rivojlantirish: insonlar va kelajakka investitsiya
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, UNFPA hamda XMT parvarish iqtisodiyoti, oilaga do‘stona ish joylari va gender tengligiga e’tibor qaratmoqda.
15 сентябр 2025
TOSHKENT (ILO News) – Toshkent shahrida “Insonlar va oilalarga investitsiya: O‘zbekiston kelajagi uchun parvarish iqtisodiyoti va oilaga do‘stona siyosatlar” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) hamda BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) tomonidan hamkorlikda tashkillashtirilgan ushbu tadbir oilalar va jamoalarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda ijtimoiy farovonlikni mustahkamlash masalalariga qaratildi.
Parvarish iqtisodiyoti bolalar va keksalar parvarishi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va uy xo‘jaligi ishlari kabi to‘lanadigan va to‘lanmaydigan mehnat faoliyatlarini qamrab oldi. U global miqyosda ish o‘rinlarining 11,5 foizini tashkil etib, jahon iqtisodiyotiga yiliga 11 trillion AQSh dollaridan ortiq hissa qo‘shdi. Shu bilan birga, to‘lanmagan parvarish ishlarining asosiy yukini ayollar zimmasiga to’g’ri kelishi gender tengligi va iqtisodiy inklyuziyani cheklab kelayotgani ta’kidlandi. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda ish topa olmayotgan ayollarning 45 foizi parvarish majburiyatlari bois mehnat bozoridan chetda qolmoqda. Ayollar va erkaklar o‘rtasida to‘lanmagan parvarish ishlarining teng taqsimlanmaganligi mehnat bozorida gender tafovutlarini kengaytirib, samaradorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ushbu muammolarning dolzarbligini e’tirof etib, O‘zbekiston parvarish siyosatini yaxshilash bo‘yicha muhim qadamlar qo‘ydi. Xususan, mamlakat XMTning “Oila majburiyatlariga ega xodimlar to‘g‘risida”gi 156-son Konvensiyasini ratifikatsiya qildi, shuningdek, maktabgacha ta’lim va ijtimoiy himoya tizimlariga investitsiyalarni kengaytirdi. Shu bilan birga, hali ham “Homiladorlikni himoya qilish to‘g‘risida”gi 183-son Konvensiyani ratifikatsiya qilish, parvarish mehnatini rasmiylashtirish, parvarish xodimlari uchun munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash va sifatli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish zarurati saqlanib qolmoqda.
“Parvarish iqtisodiyotiga investitsiya kiritish – bu O‘zbekiston kelajagiga investitsiya kiritishdir. Oilaga do‘stona, genderga sezgir siyosatlar oilalarning farovonligini ta’minlaydi, yangi ish o‘rinlari yaratadi va ayollar hamda erkaklarning jamiyat va iqtisodiyotga teng hissa qo‘shishini kafolatlaydi”, dedi Oliy Majlis Senati a’zosi, Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport qo‘mitasining doimiy a’zosi Malika Qodirxanova.
Kuchli parvarish iqtisodiyoti O‘zbekiston mehnat bozorining barqarorligi uchun muhimdir.
Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayev
“Kuchli parvarish iqtisodiyoti O‘zbekiston mehnat bozorining barqarorligi uchun muhimdir. Parvarish xizmatlarini kuchaytirish va parvarish xodimlari uchun munosib sharoitlarni ta’minlash orqali ayollarning mehnat bozorida ishtiroki uchun yangi imkoniyatlar ochishimiz, ish o‘rinlari yaratishimiz va oilalarning hayot sifatini yaxshilashimiz mumkin”, dedi Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayev.
O‘zbekistonda to‘lanmagan parvarish ayollar uchun munosib ish va yetakchilik imkoniyatlariga erishishda katta to‘siq bo‘lib qolmoqda. Gender-transformativ parvarish xizmatlari va ish joyi siyosatlarini kengaytirish orqali mamlakat yangi ish o‘rinlari yaratishi, kambag‘allikni qisqartirishi, ijtimoiy himoyani mustahkamlashi va ayollar hamda erkaklar o‘rtasida parvarish majburiyatlarini adolatli taqsimlashga erishishi mumkin. UNFPA tajribasi shuni ko‘rsatadiki, oilaga do‘stona ish joylari xodimlarning ishga chiqmaslik holatlarini kamaytiradi, kadrlar almashinuvini qisqartiradi va jamoalarni yanada motivatsiyalangan, samarali qiladi. Masalan, gibrid ish usuli xodimlar almashinuvini 33 foizga qisqartiradi, ish joyida bolalar bog‘chasi tashkil etilishi esa ishga chiqmaslik holatlarini 36 foizga kamaytiradi.
Oilaga do‘stona siyosatlar faqat ish joyidagi imtiyozlar masalasi emas, balki demografik barqarorlik va ijtimoiy birdamlikning poydevoridir. Ota-onalarning – ayollar va erkaklarning – parvarish va mehnatni muvozanatlashtira olishini ta’minlash orqali O‘zbekiston aholining sog‘lig‘ini mustahkamlashi, ayollarni yetakchilikka undashi va oilalarda teng huquqli sheriklikni rivojlantirishi mumkin. Bu choralar, shuningdek, UNFPA faoliyatining asosiy yo‘nalishi bo‘lgan zararli gender stereotiplarini o‘zgartirishga hissa qo‘shadi.
“Hech kim ish va oilani tanlash majburiyatida qolmasligi kerak. Genderga sezgir oilaviy siyosatlarni kengaytirish orqali O‘zbekiston ayollarning iqtisodiy salohiyatini to‘liq ochib berishi, demografik barqarorlikni mustahkamlashi va gender tenglik sari taraqqiyotni tezlashtirishi mumkin”, dedi UNFPAning O‘zbekistondagi vakili, doktor Nigina Abaszada.
Seminar davomida genderga sezgir, oilaga do‘stona siyosatlar — pullik ota-onalik ta’tili, arzon va sifatli bolalar parvarishi xizmatlari, moslashuvchan ish tartiblari, onalikni himoya qilish va teng parvarish majburiyatlari masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, parvarish xodimlari, jumladan uy xizmatchilari uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish orqali iqtisodiy salohiyatni ochish va jamiyatda inklyuzivlikni mustahkamlash yo‘llari ko‘rib chiqildi.
“Parvarish ishi har bir iqtisodiyot va jamiyatning ko‘rinmas tayanchidir. To‘lanmagan parvarish ishlarini tan olish, qisqartirish va qayta taqsimlash, parvarish xodimlari uchun munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash va ularning vakilliligini kuchaytirish orqali O‘zbekiston ijtimoiy adolat va gender tenglik sari transformativ qadam qo‘yishi mumkin”, dedi XMTning Gender tengligi va kamsitmaslik bo‘yicha mutaxassisi Ozge Berber-Agtaş.
Tadbir hukumat vakillari, ish beruvchilar va ishchi-xodimlar tashkilotlari, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar hamda xalqaro hamkorlarni birlashtirdi va parvarish iqtisodiyoti hamda oilaga do‘stona siyosatlarni iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy farovonlik va gender tengligining asosiy omillari sifatida ilgari surishga xizmat qildi.
Seminar yakunida parvarish xizmatlarini kengaytirish, parvarish xodimlari uchun munosib mehnatni rasmiylashtirish va sektorlarda oilaga do‘stona ish joyi yechimlarini institutsionalizatsiya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Bu esa o’z navbatida O‘zbekistonni mintaqaviy sa’y-harakatlarning ilg’or qatoriga olib chiqib, ijtimoiy normalarni o‘zgartirish, ayollarning mkoniyatlarini kengaytirish va inklyuziv iqtisodiy o‘sishning poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi.