Global akseleratori
O‘zbekiston norasmiy bandlikni qisqartirish va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlarni e’lon qildi
30 апрел 2025 г.
TOSHKENT (ILO News) - O‘zbekiston Respublikasi hukumati mehnat bozorini rasmiylashtirish va ijtimoiy himoya tizimlarini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam tashlab, BMT agentliklari va Jahon banki guruhi bilan hamkorlikda “Adolatli o‘tishlar uchun ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy himoya bo‘yicha Global akseleratori dasturi” (GA) hamda “Global akseleratori dasturi bo‘yicha ko‘p tomonlama qo‘shma dasturi” (M-GA)ni rasman ishga tushirdi
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan 2023-yilda e’lon qilingan yuqori darajadagi majburiyat — BMT Bosh kotibining flagman tashabbusi bo‘lgan Global akseleratori dasturining ilg‘or ishtirokchisiga aylanish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Bugungi ishga tushirish ushbu ambitsiyali maqsadni amaliy harakatlarga aylantirish yo‘lidagi muhim bosqichdir.
Baholashlarga ko‘ra, O‘zbekiston mehnat kuchining taxminan 40 foizi norasmiy sektorda band bo‘lib, bu har yili katta miqdordagi potentsial soliq tushumlarining yo‘qotilishiga olib kelmoqda. Norasmiy bandlik ayniqsa ayollar, yoshlar, mehnat migrantlari va nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida keng tarqalgan bo‘lib, ularning ijtimoiy himoya, adolatli mehnat haqi va xavfsiz mehnat sharoitlariga bo‘lgan kirishini cheklaydi.
O‘zbekistonning Global akseleratori dasturiga qo‘shilishi — bu yetakchilik va o‘zgarishlarga sodiqlikning yorqin namunasidir. Rasmiy bandlik va universal ijtimoiy himoyaga adolatli o‘tishni ilgari surish orqali mamlakat inklyuziv va barqaror taraqqiyot uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Xonim Sabine Mahl, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatori
Ushbu muammolarni hal etish maqsadida quyidagi yo‘nalishlarda ikki qo‘shma dastur ishga tushirildi:
- Bandlikni rasmiylashtirishni rag‘batlantirish — qulay biznes muhitini yaratish, ayniqsa ayollar o‘rtasida inklyuziv tadbirkorlikni rivojlantirish va mehnat huquqlarining ta’minlanishini kuchaytirish orqali;
- Ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash — ijtimoiy sug‘urta mexanizmlarining qamrovini kengaytirish va manzilli ijtimoiy yordamni kuchaytirish orqali uy xo‘jaliklarining barqarorligi va farovonligini oshirish.
Dasturlar 300 000 nafar norasmiy sektorda band bo‘lgan ishchilarni qamrab olish, 300 000 kishiga ijtimoiy himoya tizimiga kirish imkoniyatini kengaytirish va 720 000 nafar ehtiyojmand fuqarolar uchun ijtimoiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirishni nazarda tutadi. Shuningdek, dasturlar mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishga ko‘maklashish va ayollar hamda boshqa ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj guruhlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan innovatsion modellarni joriy etishni ko‘zda tutadi.
Davlat idoralari va ijtimoiy hamkorlarning salohiyatini oshirish — jumladan, davlat xaridlarida bandlikni rasmiylashtirish mezonlarini integratsiya qilish va ijtimoiy sug‘urta tizimidagi islohotlarni ilgari surish orqali — sifatli bandlikni barqaror oshirish, davlat moliyasining barqarorligini mustahkamlash va ijtimoiy inklyuziyani chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Mehnat bozoridagi gender nomutanosibliklarni bartaraf etish, shu jumladan, haq to‘lanmaydigan parvarish ishlariga sarflanadigan vaqtni qayta taqsimlash, ayollarning teng huquq va imkoniyatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu o‘z navbatida iqtisodiyotning barqarorligini mustahkamlash va yanada adolatli hamda inklyuziv jamiyat qurishga hissa qo‘shadi.
Dasturlar Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), YUNISEF, BMT-Ayollar va Jahon banki tomonidan BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatori rahbarligida va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Milliy ijtimoiy himoya agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatori xonim Sabine Mahl o‘zining tabrik so‘zida quyidagilarni ta’kidladi: O‘zbekistonning Global akseleratori dasturiga qo‘shilishi — bu yetakchilik va o‘zgarishlarga sodiqlikning yorqin namunasidir. Rasmiy bandlik va universal ijtimoiy himoyaga adolatli o‘tishni ilgari surish orqali mamlakat inklyuziv va barqaror taraqqiyot uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.”
Milliy ijtimoiy himoya agentligi huzuridagi Ijtimoiy himoya rivojlantirish instituti direktori janob Xurshid Zafari O‘zbekistonning global tashabbusdagi muhim rolini qayd etdi: “O‘zbekiston — BMT Bosh kotibining adolatli o‘tishlar uchun bandlik va ijtimoiy himoya bo‘yicha global tashabbusini amalga oshirayotgan 18 mamlakatdan biridir. Bizning maqsadimiz — ko‘p qirrali global inqirozlar sharoitida zamonaviy rivojlanish muammolarini yengib o‘tish uchun innovatsion yechimlar ishlab chiqishdir. Ilg‘or ishtirokchi sifatida O‘zbekiston boshqa mamlakatlarda ham kengaytirilishi mumkin bo‘lgan modellarga asos soladi.”
Jahon bankining O‘zbekistondagi dasturlari koordinatori xonim Anastasiya Aleksandrova shunday dedi: “Ijtimoiy sug‘urta tizimining qamrovini kengaytirish har bir ishchining himoya va imkoniyatlarga ega bo‘lgan kelajagini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega. Jahon banki O‘zbekistonning mehnat bozorini rasmiylashtirish, ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj guruhlarning huquqlarini kengaytirish va inklyuziv ijtimoiy himoya tizimini yaratish bo‘yicha qat’iy harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.”
Ushbu qo‘shma dastur BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari jamg‘armasi ko‘magida, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va Belgiya, Daniya, Germaniya, Irlandiya, Italiya, Lyuksemburg, Monako, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Koreya Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Ispaniya, Shvetsiya va Shveytsariya hukumatlarining saxovatli hissalari bilan amalga oshirilmoqda. Ularning sodiqligi O‘zbekiston kabi mamlakatlarga Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha ambitsiyali majburiyatlarni amalda, inson manfaatlariga yo‘naltirilgan natijalarga aylantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Aloqa uchun: Uktam Abdurahmonov, GA/M-GA Dastur Koordinatori, [email protected], tel.: +998 91 1639314